Gepatit A yoxud “Sariq kasal”ligi haqida bilasizmi ?

Virusli gepatit A – bu o‘tkir yuqumli jigar kasalligi bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi gepatit A virusi hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab har yili o‘n millionga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi. Maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ko‘proq kasallanadi.

Gepatit A — kasallikning eng ko‘p uchraydigan, ammo boshqalariga nisbatan xavfsizroq turi hisoblanadi. U deyarli doim o‘tkir kechadi va surunkali bo‘lmaydi, o‘limga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Nisbatan yuqori kasallanish aholi sifatli ichimlik suv bilan yaxshi ta’minlanmagan, sanitariya – gigiyena sharoiti nochor bo‘lgan hududlarda kuzatiladi. Shu bilan birgalikda, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zaro muloqot jarayonida gepatit A kasalligini yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

«Kir qo‘llar kasalligi»

Ushbu kasallik «kir qo‘llar kasalligi» deb ham ataladi. Virusni, asosan, zararlangan suv, taom, yaxshi yuvilmagan idish hamda kasallangan odam bilan kontaktda bo‘lish orqali yuqtirish mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlarning 90 foizini 10 yoshgacha bolalar tashkil etadi.

Gepatit A  kasallikning yashirin davri o’rtacha 15 kundan 35 kungacha davom etadi. Yashirin davrdan so’ng haroratning 37-38°S ga  ko‘tarilishi, umumiy holsizlik,   jizzakilik, bosh aylanishi, ko‘ngil aynish, qusish, ishtahasizlik, kuniga 2-3 martagacha ich ketishi, darmon qurishi, uyquchanlik, jigarning kattalashishi, peshobning qizarishi (me’yorda peshob sarg‘ish bo‘ladi), terining qichishishi, o‘ng qovurg‘a   yoyi ostida og‘riq, najasning oqarishi (rangsizlanishi) kabi belgilar namoyon bo’ladi.

          Kasallikni oldini olish uchun ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvish, meva va sabzavotlarni tozalab yuvib, qaynatilgan suvda chayib iste’mol qiling,  oziq-ovqat mahsulotlarini pashshalardan himoya qiling, suzishga moslashtirilmagan suv havzalarida cho‘milmang, gepatit A kasalligiga qarshi emlaning

 

SEO va JSQ Nishon tuman

bo’limi vrach epidemiologi :                                               N.Bekkayev