«QIZAMIQ» kasalligi xaqida nima bilasiz !!!

Qizamiq — o‘ta yuqumli virusli kasallik bo‘lib, organizmning zaharlanishi (intoksikatsiyasi), shilliq qavatlar: o‘pka yo‘llari, ko‘z, og‘iz ichi yalliglanishi va og‘iz ichida kasallikning dastlabki davrlarida Belskiy-Filatov – Koplik dog‘lari paydo bo‘lishi hamda terida yuqoridan pastga qarab qizil dog‘li-papulali toshmalar paydo bo‘lib, dog‘ qoldirishi bilan xarakterlanadi.

Qizamiq kasalligini keltirib chiqaruvchi Parmiksoviruslar oilasiga Mansub «Polynosa morbillorum»virusi bo‘lib, Paramiksoviruslar oilasiga mansub virusdir. Tabiiy sharoitda qizamiq kasalligi bilan faqat odamlar kasallanadi. Qizamiq kasalligi virusi bemor odamdan atrofdagilarga virus bilan zararlangan havo oqimi orqali (havo-tomchi usuli bilan) yuqadi. Bemor bilan bir xonada, tarbiyalanuvchilar guruhida, o‘quv sinflarida ko‘plab gavjum odamlar yig‘iladigan joylarda bo‘lish kasallikni yuqishida muhim o‘rin tutadi. Qizamiq bemori bilan 1-kun davomida muloqatda-kontaktda bo‘lganlardan (agar ularni shartli ravishda qizamiq kasalligiga imimuniteti yo‘k deb hisoblasak) 41%,2-kun muloqatda bo‘lganlardan 60%, 3-kun muloqatda bo‘lganlardan 80%, 4-kun davomida muloqatda bo‘lganlarning barchasi ya’ni 100% qizamiqka chalinadilar.Ushbu ko‘rsatkichlar qizamiq bemorining atrofdagilar uchun naqadar katta kasallik manbai sifatida xavflilik darajasini, yuqumliligini ko‘rsatadi. Demak qizamiq kasalligiga qarshi emlanish ushbu kasallikdan saqlanishdagi yakkayu- yagona chora ekanligini unutmasligimiz kerak.

Qizamiqka shubhali bemorni  o‘z vaqtida aniqlash atrofdagilardan ajratish-izolyatsiya qilish (yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yotqizish) kasallikni tarqatmaslikning asosiy choralaridan biridir. Qizamiq kasalligini chaqiruvchi virus tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib 2-soatdan keyin o‘zining boshqa odamlarga  yuqish hususiyatini yo‘qotadi. Qizamiq kasalligining manbai faqat odam hisoblanib kasallik alomatlari  paydo bo‘lishidan  4-5 kun oldin va 4-5 kun keyin atrofdagilar uchun o‘ta yuqumli hisoblanadi. (tibbiyotda bu davr prodromal davr deb ataladi va burun, ko‘z shilliq qavatlaridan juda ko‘p viruslari mavjud suyuqliklar oqa boshlaydi, bemor atrofdagi  10 metr masofada bo‘lgan qizamiq kasalligiga qarshi emlanib immunitet shakllanmagan odamlarga 100 % kasallik yuqtirish  ehtimoli mavjud bo‘ladi) Bemor bu davrda ancha bezovta, ko‘zlari qizargan, ko‘z tomirlari kengayish hisobiga yaqqol ko‘rinib-yoshlanib turadi, yorug‘likka sezgirligi oshib nim qorong‘u joy hohlab qoladi. Bemor yengil isitmalashi mumkin. Qizamiq kasalligiga  qarshi rejali emlashlarini olgan yoki qizamiq kasalligi bilan og‘rib o‘tgan onalardan tug‘ilgan bolalar 6-oylik davrigacha onasidan berilgan immunitet hisobiga qizamiq kasalligiga chalinmaydilar.

Qizamiq kasalligi bilan kasallanib sog‘ayganlar (rekonvalessentlar) atrofdagilar uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydilar. Qizamiq kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda Pnevmoniya asorati kuzatilsa bemor pnevmoniya boshlangan kundan boshlab yana 2 xafta (12 kun) ichida atrofdagilar uchun kasallik manbaiga aylanib o‘tkir qizamiq bemori kabi kasallikni tarqatishi mumkin. Shuning uchun bunday bemorlar atrofdagilardan qat’iy izolyatsiya qilinib davolanishlari shart! Qizamiq bilan og‘rib sog‘ayganlarda uzoq muddatli «Mustahkam» immunitet shakllanadi.

O‘zbekiston Respublikasida bolalarni qizamiq kasalligiga qarshi rejali emlashlar Sanitariya qoida va meyorlari №0239-07(4) –ga binoan 12-oyligida hamda 6-yoshida emlanadilar.

Bolalarning 6-oyligida va katta yoshdagilar ichida  qizamiqqa qarshi emlanishi epidemik ko‘rsatma asosida KV vaksinasi bilan  amalga oshiriladi.

Qizamiq kasalligini yuqtirib rasman tashxisi labo‘ratoriya usulida  tasdiqlangan bemorlarda kasallikdan keyingi mustahkam immunitet paydo bo‘lib, ularni qayta emlash tafsiya etilmaydi. Qizamiq kasalligi qayd etilishida mavsumiylik kuzatilib asosiy kasallanish Noyabr-Dekabr hamda mart-aprel oylariga to‘g‘ri keladi. Qizamiq virusi odam organizmiga yuqqanidan keyin kasallik alomatlari namoyon bo‘lgungacha muddat yoki kasallikning yashirin davri 9-11 kun, ba’zan17-28 kungacha bo‘lishi mumkin.

Qizamiq kasalligi kuzatilgan xonadonlarda (bemor yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgandan keyin) oilada bemor bilan muloqatdagilar ustidan 17-kunlik tibbiy kuzatuv olib boriladi, isitma, toshma belgilari hamda tumov alomatlari paydo bo‘lganlar sinchkovlik bilan vrach ko‘rigidan o‘tkazilib qizamiqqa emlanganligi tahlil qilinadi. Qizamiq kasalligiga aniqlangan shubhalilar shu zahotiyoq yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladilar, oiladagi bemor bilan muloqatda bo‘lganlardan qizamiqqa emlanmaganlar ro‘yhati tuzilib zudlik bilan emlashga  jalb qilinadilar. Qizamiq qayd etilgan xonadonlarda hudud tibbiyot xodimlarining taklif va tavsiyalari bo‘yicha xonadon egalari tomonidan ho‘l-nam yig‘ishtirish, xonadonni tez-tez shamollatish ishlari olib boriladi. Qizamiq kasalligi qayd etilgan xonadonlarga tibbiy kuzatuv tugamaguncha kelib ketuvchilar sonini maksimal ravishda qisqartirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ajdodlarimiz qizamiq kasalligi chiqqan xonadon peshtog‘iga «qizil» mato (alvon) bog‘lab qo‘yib ogohlantirish belgisi qilib nihoyatda oqilona ish tutganligi tahsinga sazovardir!

Qizamiq kasalligidan keyin asosan 5-yoshgacha bo‘lgan bolalarda og‘ir asoratlar (ko‘rlik, ensefalit, og‘ir diareyalar, otitlar va zotiljam) kuzatilishi mumkin.

1000-ta qizamiq kasalligi qayd etilganda 0,1-0,3% o‘lim qayd etilish ehtimoli mavjud. Qizamiq bemori davolanish jarayonida «A» Vitaminini  2-dozasini 24-soat ichida bemorga berish qizamiq kasalligidan o‘lim holatlarini 50% ga kamaytiradi. Qizamiq kasalligining maxsus davosi yo‘k?. Hurmatli fuqarolar! O‘zbekiston Respublikasining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan barcha davolash profilaktika muassasalarida №0239-07(4) raqamli Sanitariya Qoida va meyorlari asosida 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi har oyda rejali hamda epidemik kursatma asosida elashlar amalga oshirib borilmoqda. Har bir emlanuvchi bolajonlarimiz sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib malakali Pediatr va umumiy amaliyot shifokorlarimiz xulosalari asosida emlanadilar. Qizamiq kasalligiga qarshi emlanish ushbu kasallik va uning xavfli asoratlaridan saqlovchi yagona vosita ekanligini unutmaylik. Hurmatli fuqaro siz o‘z oila a’zolaringizni qizamiq kasalligiga qarshi emlanganligiga kafolat berasizmi?

SEO va JSQ Nishon  tumani bo‘limi

Epidemiolog-immunolog vrachi                                 Sherov.D.SH.