Botulizm- og‘ir toksikoinfeksion kasallik bo‘lib odam organizmining markaziy nerv sistemasining og`ir shikastlanishi bilan kechadigan, mushaklar paezi, falajiga olib keluvchi o`tkir yuqumli toksik kasallik hisoblanadi. Botulizmni qo‘zg‘atuvchisi “clostridium botulinum” deb atalib, spora hosil qilish hususiyatiga ega bo`lgan anaerob mikrob hisoblanadi. Botulizm – uy sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalangan mahsulotlarni iste’mol qilganda kelib chiqadigan, ovqatdan zaharlanishning og‘ir, o‘lim holatiga olib kelishi mumkin bo`lgan tur hisoblanadi.
Botulizm kasalligining manbai har xil salatlar, baqlajon, sabzavotlardan tayyorlangan ikra, bodring va pomidor tuzlamalari, qo‘ziqorinli taomlar, tuzlangan baliq, kolbasalar va turli konservalar hisoblanib, bunday ozuqa mahsulotlarida kasallik qo`zg`atuvchi spora holida bo`ladi. Zararlangan ozuqa mahsulotlarini istemol qilgan insonda kasallik alomatlari juda tez 2 soatdan 24 soatgacha davrda rivojlanadi. Kasallikning dastlabki belgilar umumiy darmonsizlik, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, tana haroratining biroz ko‘tarilishi, qorinda og‘riq, ich ketishi kabi umumiy zaharlanish belgilaridan iborat bo‘ladi.
Kasallikning ushbu belgilari paydo bo‘lgan zahoti bemor tez yordamga murojaat qilishi kerak, chunki bemor shoshilinch shifoxonaga yotqizilmasa va davolash tadbirlari tezda boshlanmasa bemorning ahvoli og‘irlashib, o‘limga olib kelishi mumkin. Bemor shifoxona sharoitida davolanadi va unga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish talab qilinadi.
Kasallikni oldini olish uchun konservalangan mahsulotlarni bolalarga umuman bermaslik, bankalarni ochishdan oldin ko‘zdan kechirish, agar tiniqligi buzilgan yoki qopqog‘i ko‘tarilgan bo‘lsa mahsulotni iste’mol qilmaslik, qo‘lbola tayyorlangan konserva mahsulotlarini sotib olmaslik lozim.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va
jamoat salomatligi qo’mitasi Nishon tuman
bo’limi Sanitariya vrachi: Sh. Baratov