Kasb kasalliklari – yomon mehnat sharoitlari va kasbga aloqador zararlarning organizmga ta’siri natijasida paydo bo’ladigan kasalliklar. Kasb kasalliklarining kechishi unga sabab bo’lgan zararli omillarning o’ziga xosligi, kuchi, davomiyligi va ularning birgalikdagi ta’siriga bog’liq. Kasb kasalliklarining fizik (kasbga aloqador karlik, vibratsiya kasalligi, nur kasalligi, kesson kasalligi, balandlik kasalligi va boshqalar), biologik (infeksion va parazitar kasalliklar: brutsellyoz, kuydurgi) va kimyoviy omillar ta’sirida (zaharlanish), ba’zi changlar bilan uzoq vaqt nafas olinganda (pnevmokonioz, bronxit va boshqalar), shuningdek jismoniy zo’riqqanda yoki shikastlanganda (nevrit, bursit) vujudga keladigan turlari farq qilinadi. Kasb kasalliklarining kelib chiqishiga organizmning o’ta toliqishi va kasallikka qarshi kurasha olish faoliyatining pasayishi ham sabab bo’ladi.
Tibbiyotda kasb kasalligi asosiy o’rinlardan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda tibbiyotda organizmga ta’sir etuvchi faktorlar uchrab turadi. Kasb kasalliklari o’rtasida ko’proq ishlab chiqarishda ta’sir etuvchi omillar sabab bo’lmoqda.
Hayotda ko’proq kasb kasalliklari va kasbiy zaharlanishlar quyidagi kasblarda uchraydi: tog’ konlarida, “pnevmokoz” chang ta’sirida, vibritsionnoy (tebranish) kasalligi pnevmotik instrument bilan ishlash natijasida kelib chiqadi. Kasbiy zaharlanish ko’proq tarkibida qo’rg’oshin moddasi bo’lgan metal qazish konlarida va akkumulyator tayyorlash korxonasi ishchilari o’rtasida uchraydi.
Kasb kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo’ladigan omillar quyidagilar:
Kasb kasalliklarining profilaktikasi quyidagilardan iborat:
1) O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni Saqlash Vazirligining “Xodimlarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risida”gi nizomni tasdiqlash haqida”gi 200-sonli Buyrug’i asosida dastlabki va davriy ravishda profilaktik tibbiy ko’rikni sifatli o’tkazish;
2) ish joyida mehnat sharoitlarini yaratish (maxsus kiyimbosh, yechinib-kiyinish xonasi, yuvinish xonasi tashkil etish va boshqalar);
3) maxsus ovqat (sut-qatiq, sharbatlar) iste’mol qilish.
Respublikamizda kasb kasaliklarini oldini olish ikki yo’nalishda olib borilmoqda.
— Mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilash.
— Tibbiy profilaktik yordam ko’rsatish.
Kasb kasalliklari klinikasi respublikadagi yagona ixtisoslashtirilgan klinika bo’lib, 100 o’ringa ega. Unda har yili respublikaning barcha hududlaridan 3 mingdan ortiq bemor davolanish va reabilitatsiyadan, 33 mingdan ortiq bemor esa ambulator sharoitida tekshiruvdan o’tkaziladi. Ular zararli va xavfli omillar ta’sirida faoliyat olib borgan 80 dan ortiq asosiy ishlab chiqarish korxonalarining ishchilaridir.
So’nggi bir yildagi o’tkazilgan tibbiy ko’riklar xulosalari asosida 9800 ta ishchi-xodimga (98%) ishga yaroqlilik ekspertiza xulosalari berildi, aniqlangan tashxislarga ko’ra 42% tekshirilganlarga zarur davolash va sog’lomlashtirish tadbirlari rejalashtirildi, 2% statsionar, 4% sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yuborish, 4116 ta ishchiga shifokor nazoratida bo’lish, 290 ta ishchiga sog’ligi holatiga ko’ra yengil yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi bo’lgan boshqa ishga vaqtincha o’tkazish bo’yicha tavsiyalar berildi.
Xulosa o’rnida shuni aytish joizki, kasb kasalligi tasdiqlangan bemorlar Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti klinikasida dispenser nazoratida turadi. Ular davlat tomonidan himoyalangan bemorlar guruhiga kiradi va klinikada har yili bepul davolanish, tekshirish va reabilitatsiya huquqiga ega.
SEO va JSQ Nishon tuman bo’limi Mehnat
gigiyenasi yo’nalishi bo’yicha mutaxassis: N.Do’stov