Suv – hayot manbai

Salomatlikka va aholining  sanitariya turmush sharoitlari uchun suvning miqdori va sifati katta ahamiyatga ega. Suv hayot uchun eng zarur omil, shu sababli aholini sifatli suv bilan  ta`minlash   muhim ahamiyatga ega. Gigiyena talablariga javob berish, inson salomatligini saqlash va suv orqali tarqaladigan kasalliklarni oldini olish maqsadida aholi toza ichimlik suv bilan ta`minlanadi.

Suvning sifati va tashqi ko`rinishi buzilishi, suv tarkibida ko`p miqdorda yuqumli kasallik qo’zg’atuvchi mikroorganizmlarning  bo’lishi yoki gijja tuxumlarining ko’payib ketishiga sabab bo’lishi mumkin.

Suvning yuqumli kasalliklar tarqatishdagi roli — suv ichburug’, virusli gepatit A, qorin tifi, paratif, diareya kasalliklarning  sababchisi bo’lishi mumkin.

Keyingi yillarda ichak kasalliklari ko’p tarqalmoqda. Bunda viruslarning roli katta. Sariq kasalligi, poliomiyelit va boshqa kasalliklarni keltirib chiqaruvchi viruslar suvda uzoq vaqt yashaydi. O’zbekiston Respublikasida suv orqali yuqadigan kasalliklar tahlil qilinganda shunday xulosa kelib chiqadiki, ichak infeksiyasi tarqalishi 70% hollarda hovuz, ariq va kanal suvlarini ichish sababli kelib chiqadi. 8-13%  kasallik kanal va  ariq suvlarida cho’milish oqibatida, 5,8-8% esa ifloslangan quduq suvini ichish natijasida kelib chiqadi. Bunday holatlar ba’zan vodoprovod suvini ichish natijasida ham kelib chiqadi.

O’zbekiston Respublikasi hududida toza va sifatli ichimlik suv bilan ta`minlash  masalasi O’zbekiston Respublikasi Davlat standarti 133-2024 sonli qonuniy me’yoriy hujjatida ko’zda tutilgan. Suv orqali juda ko’p yuqumli kasalliklar tarqalishi mumkin. Toza ichimlik suvlarini zararli oqava suvlardan, chiqindilardan himoya qilish suv orqali yuqadigan kasalliklarning oldini olish imkonini beradi.