Brutsellyoz – turli xil yuqish yo‘llariga ega bo‘lgan, ko‘pgina a’zo va tizimlarni, asosan tayanch-harakat a’zolarini hamda asab tizimining shikastlanishi, organizmning zaharlanishi va allergiyani namoyon bo‘lishi bilan tavsiflanuvchi hamda infeksion jarayonni rivojlanishi, aksariyat hollarda surunkali kechishi, ko‘pincha keyinchalik bemorlarda nogironlikni keltirib chiqaradigan, keng tarqalgan polietiologik zooantroponoz o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Brutsellyoz kasalligining yashirin davri 3-6 haftagacha davom etadi. Ko‘pincha xastalik 30 kungacha, ba’zan esa 2 oygacha davom etadi. Bemorlarda haroratning ko‘tarilishi, et uvishishi, asabiylashish va mushaklarda og‘riq turishi kuzatiladi, kamqonlik, tilni oq karash qoplashi ham kuzatiladi. Harakat va tayanch a’zolarda artralgiya, oyoqning yirik bo‘g‘imlarida og‘riq sezilishi, qo‘l bo‘g‘imlarida artrit belgilari va bo‘g‘imlar harakatining cheklanishi kuzatiladi, jinsiy va tanosil a’zolarida orxit, orxoepididimit, xayz ko‘rishning buzilishi, bola tushishi va muddatidan ilgari tug‘ish hollari ro‘y beradi.
Kasallik chaqiruvchisi – bu brutsella guruhiga mansub bakteriyalar keltirib chiqaradi.
Brutsellyoz qo‘zg‘atuvchisi–suvda –90 kun, sutda – 10-16 kun, pishlokda 45-60 kun, sigirlar siydigida – 4 kun, go‘ngda – 120 kun, nam tuproqda 72 kun, jun va terida 120 kungacha tirik qolishi aniqlangan, 60 oS issiqlikda 30 minutda, 80oS da 5 minutda qaynatilganda esa shu zahoti o‘ladi.
Kasallik manbai – bu asosan qora-oqsok bilan og‘rigan yirik va mayda shoxli mollar hisoblanadi. Kasal hayvonlarning suti, siydigi, najasi hamda homila oldi suyuqligi ayniksa kasal uy hayvonlarning bola tashlashi natijasida ko‘plab brutsella bakteriyalari tashqi muhitga chiqariladi va inson uchun yuqtiruvchi faktorlar hisoblanadi.
Kasallik pishirilmagan sutni va qaymoqni iste’mol qilish, sigir sog‘ish vaqtida, ayrim hollarda hayvonlarning yungiga, terisiga ishlov berish natijasida ham yuqishi mumkin.
Xullas kasallik insonga ovqat hazm qilish sistemasi (og‘iz orqali), teri qoplamlari (jarohatlangan shikaslangan teri, shilliq qavatlar) nafas yullari (havo orqali) kasallik qo‘zg‘atuvchisi organizmga kiradi va kasallik kelib chiqishi mumkin.
Kasal hayvonlar bilan ishlovchilar maxsus kiyimlar – kombinzon, rezina etik, qo‘lqop, xalat va respiratorlar kiyib ishlashlari kerak.
Agar qo‘l va tananing boshqa ochiq joylarida jarohat bo‘lsa, jarohatingiz bitgunga qadar hayvon mahsulotlari va xom go‘shtni ushlamang. O‘smir va homilador ayollarni kasal hayvonlar bilan ishlashlariga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi. Doimo shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qiling, ayniqsa ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvishga odatlaning.
Doimo esda tuting:
— hech qachon veterinariya ko‘rigidan o‘tmagan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini xarid kilmang.
— hech qachon yaxshi pishirilmagan go‘shtni iste’mol qilmang.
-kasal mollarning pishirilmagan suti, qaymog‘i orkali kasallik yuqishi mumkinligini unutmang.
— mollarni boqish, sog‘ish, tug‘dirish, junini qirkish, qo‘ylarni so‘yish va go‘shtni nimtalash jarayonida qatnashsangiz albatta ustingizga maxsus kiyim bosh kiying va ishdan so‘ng kiyimlaringizni almashtirib ko‘lingizni albatta sovunlab yuving.
— uydagi mayda shoxli molingiz, sigiringiz bola tashlasa bu molingiz brutsellyoz kasalligi bilan og‘rigan bo‘lishi mumkinligini unutmang va homilani, holima oldi suyuqligini ko‘mib tashlashni, shu joyni zararsizlantirishni, o’zingiz va atrofdagilarni himoya qilishni, bu jarayonda qatnashsangiz qo‘lingizga rezina qo‘lqop kiyishni unutmang.
-oshxonangizdagi pichoq, go‘sht maydalash taxtachasi pishirilgan va xom go‘sht uchun alohida bo‘lishini ta’minlang.
SEO va JSQ Qashqadaryo viloyat Nishon tuman bo‘limi
Epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi mudiri: Jasur Safarov.