Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamburug’lar hayvonot va o’simliklar dunyosining oralig’ida bo’lgan alohida guruh hisoblanar ekan. Ya’ni, zamburug’ na o’simlik, na hayvon. Tabiatda shunday zamburug’larning 100 mingdan ortiq turi uchraydi.
Qo’ziqorinlar ham shulardan biri. Iste’molga yaroqli – “smorchok” va “strochok”qo’ziqorinlaridan noto’g’ri taom tayyorlaganda ham kishi zaharlanib qolishi mumkin. Chunki ular tarkibida zaharli gelvelat kislota bo’lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun bunday turdagi qo’ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to’kib tashlash kerak.
Qo’ziqorindan zaharlanganda kasallik belgilari 1-2 soat o’tgach namoyon bo’ladi. Asab tizimi faoliyatida o’zgarishlar, so’lak oqishi, ko’p terlash, ko’zdan yosh oqishi mumkin, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, bemorlarda alahsirash, titrash, shuningdek, ko’z qorachig’ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi.
Bemorlarga tez tibbiy yordam ko’rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog’ayib ketadi. O’z vaqtida davo choralari ko’rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og’irlashib, hayoti fojiali yakun topishi ham mumkin. Bunday nohush holatlarning kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo’ziqorinlarni ajrata olishi lozim. Bozorlar va savdo do’konlaridan qo’ziqorin xarid qilmoqchi bo’lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qiling. Qo’ziqorinlarni turg’un savdo shoxobchalaridan, belgilangan joylardan tegishli sifatini kafolotlovchi hujjatlari bor bo’lgan taqdirda xarid qiling.
Sanitariya vrachi: Sh.Baratov