SIL bedavo emas !

Sil yuqumli kasallik bo‘lib uni ko‘zga ko‘rinmaydigan mayda bakteriyalar — sil tayoqchalari yuzaga keltiradi. Ko‘p xollarda sil tayoqchalari o‘pkani zararlaydi. Ba’zi xollarda  miya va miya qobig‘i, suyaklar, bo‘g‘inlar, buyraklar, jinsiy a’zolar, ko‘z, ichak va boshqa a’zolar sili ham uchrashi mumkin.

 

Kasallik qanday yuqadi?

Sil tayoqchalari   ko‘p xollarda organizmga nafas yo‘li orqali o‘tadi va   o‘pka to‘qimalarida rivojlanadi va ko‘payadi.  Bemor yo‘talganda, aksirganda, qattiq gaplashganda, tupurganda  balg‘am zarralari bilan atrofga otilib chiqadi va  sachraydi. Bu  ko‘zga ko‘rinmas balg‘am zarralarida  minglab  sil tayoqchalari  bo‘ladi.

Sil yuqmasligi uchun nima qilish zarur?

  • Har yili bir marta shifokor nazoratidan o‘tib turing.

Shaxsiy gigiyenaga rioya qiling:

  • Xonalarni tez-tez shamollatib turing. Qishda fortochkani har kuni 1-2 soatdan 3 mahal ochiq holda saqlang, iliq va issiq kunlarda esa derazani kun bo‘yi ochib qo‘ying.
  • Xonalarga kuyosh nuri tushib turishini  ta’minlang. Sil tayoqchalari zax va qorong‘i joylarda uzoq vaqt saqlanib qoladi.
  • Xonalar, jihozlarning changini nam yoki xo‘l latta bilan artish lozim.
  • O‘rin-ko‘rpa yostiq kabi yuvilishi qiyin bo‘lgan buyumlarni oftobga yoyib turing.
  • Duch kelgan joyga tupurmang. Esingizda bo‘lsin! Sil mikroblari tuproqda, oqar suvda bir necha oygacha yashash xususiyatini saqlab qoladi.
  • Kashandalik, ichkilikbozlik va giyohvandlik kabi illatlarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymang.
  • OITSdan saqlaning.

 

Kasallikning dastlabki belgilari:

  • Yo‘tal 2 haftadan ortiq davom etsa;
  • Isitma ko‘tarilsa;
  • Darmon qurisa, tez charchasa;
  • Ozib ketsa;
  • Ishtaha bo‘lmasa;
  • Ko‘krak kafasda og‘riq paydo bo‘lsa,

Zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.

 

UNUTMANG!

Shifokorga qanchalik erta murojaat  qilinsa, davolanish shunchalik samarali bo‘ladi.

Sil bilan og‘riyotgan bemorlar tavsiya etilgan dorilarni  o‘z vaqtida qabul qilishlari hamda davolash kurslarini to‘xtatmasliklari shart!

 

 

SEO va JSQ Qashqadaryo

viloyati Nishon tuman bo‘limi vrach epidemiologi                                     S.Saidova