OQILONA OVQATLANISH –UZOQ UMR GAROVI

Organizm o`zi uchun kerakli energiyani oziq-ovqat va suv orqali oladi. Oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi va ularning xususiyatlari salomatlik, jismoniy rivojlanganlik, mehnat qobiliyati, hissiy holat va umuman, umr ko’rish davomiyligi va sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Mutaxassislarning fikriga ko’ra, har qanday odat 21 kun ichida shakllanar ekan. Xuddi shu odat sog’lom ovqatlanish uchun ham o’rinlidir. Bunday odatni shakllantirish hech qiyin emas, asosiysi aniq maqsad bo`lishi va undan ortga qaytmaslik lozim. To’g’ri ovqatlanish bilan bir qatorda ovqatlanish vaqtini ham aniq hisoblash kerak, chunki o’z vaqtida ovqatlanish energiya sarfini to’liq qoplaydi. Sog’lom odam uchun kuniga to`rt marta ovqatlanish eng oqilona hisoblanadi. Bunda ovqat hazm qilish tizimiga tushadigan yuk teng taqsimlanadi, oziq-ovqat yaxshiroq hazm bo`ladi va o’zlashtiriladi, yetti soat va undan ortiq interval bilan kuniga ikki marotaba ovqatlanishda qonda xolesterinning  darajasi oshadi va tanada yog’ to’plana boshlaydi, qalqonsimon bez faoliyati intensivligi pasayadi. Bundan tashqari, uzoq vaqt tanaffusdan so`ng kishi me’yordan ortiq ovqat iste`mol qilish holatlari ko`p kuzatiladi.  Bunday holatlar organizmga nojo`ya ta’sir ko`rsatadi.

To`g`ri ovqatlanish borasida ko`plab nazariyalar mavjud va  yangi ma`lumotlar paydo bo`ladi. Ularning ba`zilari go`shtni cheklash kerak desa, boshqa birlari faqat ma`lum bir mahsulotlardan iborat taomnoma har qanday kasalliklardan forig` bo`lishga yordam beradi deyishadi. Aslida inson tanasi juda murakkab tizimdir, uning normal ishlashi uchun u ham go`sht, ham sabzavotli taomlarni talab qiladi. Shu sababli to`g`ri ovqatlanish qoidalarini bilish juda muhim hisoblanadi. Bu borada shubhali tavsiyalarga amal qilish salomatlikda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan  noto`g`ri  ovqatlanish nerv tizimiga, jigar, ko`rish sistemasiga, yurak-qon tomir va boshqa ko`plab a’zolarga  nojo`ya  ta’sir  ko`rsatadi.

Kundalik taomlar

Organizmning barcha oziq moddalarga bo`lgan talablarini qondirish uchun kundalik taomlar xilma-xil bo`lishi muhim ahamiyatga ega. Yani  doim bir xil non yeyishdan ko`ra arpa, makkajo‘xori, tariq, so`li qo`shib tegirmondan o`tkazilgan undan tayyorlangan non iste`mol qilish organizmning makro- va mikro elementlar bilan ta`minlanishida ancha foydali. Xuddi shuningdek turli-tuman ko`katlardan, sabzavot va poliz mahsulotlaridan salatlar tayyorlab iste`mol qilishda ularning bargi va poyasidan ham foydalanish (masalan, sabzi, lavlagi va boshqalar) ahamiyatli. Lavlagi barglarida inson uchun kerakli madanli moddalar, vitaminlar uning poyasidagiga nisbatan ko`p bo`ladi.

Har kuni iste`mol qilinadigan mevalar, sabzavot va poliz mahsulotlarining umumiy miqdori 800-900 g yetkazilishi keksa va qariyalar ovqatlanishining ratsionallashgan bo`lishida muhim o`rin tutadi. Ushbu mahsulotlarga bo`lgan kunlik talab o`rtacha 500-600 g qilib belgilangan bo`lsada organizmning keksaya borishi ko`p hollarda vitaminlar, mineral va boshqa biologik faol moddalarning oshqozon-ichaklarda kam so`rilishi meva-cheva, poliz va sabzavotlar miqdorini qayd qilingan miqdorgacha ko`paytirishni taqoza qiladi.

Aytish joizki, yoz va kuz fasllarida aytilgan mahsulotlardan kuniga kerakligidan ko`proq ham iste`mol qilinadi (tarvuz, qovun, uzum, olma va boshqalar). Lekin aytib o`tilgan ko`rsatgichga yil davomida erishish kerak. Ayniqsa qish va bahor fasllarida qator obyektiv va subyektiv sabablarga ko`ra ushbu mahsulotlar miqdori keskin kamayib ketadi. Bunga yo`l qo`ymaslik uchun oshqovoq, karam, sabzi, sholg`om zahira qilish ulardan kundalik ovqatlanishda keng ko`lamda foydalanish lozim.

1-qoida. Fast-fuddan butunlay voz kechish va shirinliklarni ko`p iste`mol qilmaslikka harakat qilish;

2-qoida. Mavsumiy mahsulotlardan iloji boricha ko`proq iste`mol qilish, chunki ularning tarkibida ko`p miqdorda ozuqaviy moddalar mavjud. Issiqxonalarda yetishtirilgan yoki uzoqdan olib kelingan qishki sabzavot va mevalar kimyoviy moddalarga boyligi va uzoq muddatli saqlash tufayli nafaqat o`zining barcha foydali xususiyatlarini yo`qotadi, balki nitratlar va boshqa zararli kimyoviy birikmalar manbaiga aylanadi;

3-qoida. Aralashmalardan tozalangan mahsulotlar: shakar, o`simlik moyi, oq bug`doy uni, tozalangan oq guruchdan foydalanishni iloji boricha kamaytirish kerak. Ularda kletchatka yo`q, bu ovqat hazm qilish tizimi, shuningdek ichaklarda yashovchi foydali bakteriyalarni oziqlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Shuning uchun oq non o`rniga donli turini iste`mol qilish, tozalangan shakar o`rnini esa jigarrang yoki hatto asal bilan bosish yaxshiroqdir;

4-qoida. Choy, qahva yoki sharbatlar suv o`rnini bosa olmaydi. Bir sutkada inson har 1 kg vazn uchun kamida 30-35 ml suyuqlik qabul qilishi kerak. Shirin gazlangan ichimliklar — to`liq taqiqlanadi, ular tarkibida juda yuqori miqdorda shakar mavjud;

5-qoida. Oqsilli taomlar haqida unutmaslik. Ular uzoq vaqt davomida to`qlik hissini saqlab turadi va aminokislotalarga boy sanaladi. Oqsillar tanaga mushak to`qimasini shakllantirish, eski hujayralarni yangilash uchun zarurdir. Oqsilga boy ovqatlarga turli xil go`sht, baliq, kalmar, qisqichbaqalar, yong`oqlar, qo`ziqorinlar, ba’zi dukkakli o`simliklar, tuxum va tvorog kiradi.

Bejizga “oqilona ovqatlanish – uzoq umr garovi” deyishmaydi. Yuqoridagi qoidalarga amal qilish  sog`lom turmush tarzining bir bo`lagi va  inson hayot faoliyatiga ijobiy ta’sir ko`rsatadi.

 

SEO VA JSQ Nishon tumani

bo`limi sanitariya vrachi:                                       Sh. Baratov