Botulizm — og‘ir toksikoinfeksion kasallik bo‘lib, botulotoksinning uzunchoq miya va orqa miyaning xolinergik strukturalarining zararlanishi va oftalmoplegik va bulbar sindromlar kelib chiqishi bilan kechadi.
Etiologiyasi. Botulizmni qo‘zg‘atuvchisi “Slostridium botulinum” deb ataladigan, spora hosil qiladigan, anaerob mikrob hisoblanadi. Botulizm qo‘zg‘atuvchisi tabiatda keng tarqalgan bo‘lib ular suvda, meva, sabzavotlarda va oziq-ovqat mahsulotlarida spora holida bo‘ladi. Agarda yuqoridagi mahsulotlardan konservatsiyada foydalanilsa va yaxshi konservatsiya qilinmasa, unda sporalar anaerob sharoitda o‘sib vegetativ shaklga aylanadi. Qo‘zg‘atuvchi sporalarini yo‘qotish uchun ulami yuqori haroratda va ko‘p vaqt 1,5 soat qaynatiladi. Vegetativ shaklini 2—5min davomida qaynatiladi. Botulizm toksinini yo‘qotish uchun 70—80°C da 5—15 min. qaynatiladi.
Patogenezi va patologik anatomiyasi: Botulizm tayoqchasi va toksini ovqat hazm qilish traktiga tushishi va qonga so’rilib, butun organizmga tarqalishi bilan bog’liq. Botulizmning toksini neyrotrop xususiyatiga ega. U avvalo markaziy asab tizimiga, xususan uzunchoq va orqa miya motoneyronlariga kuchli ta’sir qiladi.
Klinikasi. Kasallikning yashirin davri 6—24 soat, kamdan-kam hollarda 6—10 kun gacha cho‘zilishi mumkin. Organizmga qancha ko‘p toksin kirsa kasallikning yashirin davri shunqa qisqa bo‘ladi va kasallik og‘ir kechadi. Botulizm ko‘pincha o’tkir boshlanadi va bir necha asosiy belgilar infeksion—toksik, dispeptik, oftalmoplegik, bulbar, miostenik belgilar bilan kechadi.. Dispeptik buzilishlar: bunda ko‘ngil aynish, qusish, epigastral sohada tortishuvchi og’riqlar, meteorizm, og‘iz qurishi, kuchli chanqash, kasallik boshida yumshaygan najas, keyinchalik ichak tutilishi bilan almashinadi. Kasallikning erta belgilaridan biri bu yutinishning buzilishidir. Bunda bemor xalqumda katta “kesak” borligiga va yutinish harakatida og’riqqa shikoyat qiladi.
Davosi. Bemor, albatta, kasalxonaga yotqiziladi va tezda bemor me’dasi 3%li soda (natriy gidrokarbonat) eritmasi bilan yuviladi, adsorbentlar (aktivlangan ko‘mir, kungaboqar moyi) beriladi, so‘ngra sifonli ho‘qna qilinadi. Bemor qonida erkin aylanib yurgan botulotoksinni neytrallash uchun sinamadan (Bezredko usuli) so’ng botulizmga qarshi zardob(BQZ) kasallikning birinchi kunlaridan boshlab yuborish maqsadga muvofiq. Yurak qon-tomir tizimi faoliyatini yaxshilash uchun kordiamin, kamfora , kofein, yurak glikozidlari tavsiya qilinadi. Umum quvvatlovchi C va B guruhdagi vitaminlar buyurilishi samarali bo’ladi. Kasallikning og’ir kechishini davolashda glyukokortikoid (prednizolon, urbazon, deksametazon)lar va giperbarikoksigenatsiya qo‘llaniladi.
Profilaktikasi. Ko‘pgina davlatlarda, jumladan bizning mamlakatda ham aksariyat hollarda kasallik uy sharoitida tayyorlangan maxsulotlar (konserva va dudlangan) iste’molidan so‘ng yuzaga keladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘zg‘atuvchi sporalari bilan ifloslanishdan saqlash, qo‘zg‘atuvchi sporasi, vegetativ shaklini o‘ldiruvchi va zaharini parchalovchi termik ishlov berish, tayyor mahsulotda spora tushishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Kolbasa, konserva tayyorlash, masalliqlari tuzlash, quritish jarayonida sanitariya-gigiena qoidalariga etibor berish kerak. Qopqog‘i ko‘pchigan konservalarni istemol qilmaslik va ularni yo’qotish lozim. Konserva eb kasallangan va kasallanmagan kishilarga profllaktika maqsadida 1500- 2000 XB dan botulizmga qarshi zardob yuboriladi. Ular 10-12 kun vrach nazoratida bo‘lishlari shart. Botulotoksin bilan aloqador laboratoriya xizmatidagi xodimlar botulizmga qarshi emlanadilar.
Epidemiologiyasi: Botulizm saprozoonozlar guruhiga kiradi. Botulizm mikrobining asosiy manbai issiq qonli hayvonlar (qoramol va qo‘y echkilar), shuningdek sovuq qonli hayvonlar (baliqlar, mollyuskalar, qisqichbaqalar) hisoblanadi. Hayvonlar najasi bilan tashqariga chiqarilgan mikroblar spora hosil qiladi, sporalar esa uzoq vaqtgacha saqlanadi. Botulizm odamlarga ana shu sporalar bilan ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida yuqadi. Botulizm ko‘pincha qo’ziqorin, ho‘l mevalar va sabzavotlardan uy sharoitida gigiyenik qoidalarga rioya qilmay tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida boshlanadi. Konserva bankalari ichida anaerob sharoit bo‘lganligi sababli botulizm sporalari tezda vegetativ shaklga aylanib, ko‘paya boshlaydi va ekzotoksin chiqaradi. Konserva bankasida botulizm toksini bo‘lsa, odatda banka qopqog‘i ko‘pchib, ko‘tarilib qoladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va
jamoat salomatligi qo’mitasi Nishon tuman
bo’limi Sanitariya vrachi: N.Kuchkinov